Ommaviy oferta («Beepul» To‘lov servisidan foydalanish to‘g‘risida)
Ushbu ommaviy oferta «Beelab» Aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda «To‘lov tashkiloti» deb yuritiladi) tomonidan muomalaga layoqatli jismoniy shaxslarga, bank kartalari egalariga (keyingi o‘rinlarda «Foydalanuvchi» deb yuritiladi) «Beepul» To‘lov servisidan (keyingi o‘rinlarda «Servis» deb yuritiladi) foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-moddasi va 369-moddasi 2-qismiga muvofiq xizmat ko‘rsatish shartnomasini (keyingi o‘rinlarda «Shartnoma» deb yuritiladi) tuzish to‘g‘risidagi rasmiy taklifi (keyingi o‘rinlarda «Oferta» deb yuritiladi) hisoblanadi. Foydalanuvchi tomonidan ushbu Ofertada nazarda tutilgan harakatlarning amalga oshirilishi Foydalanuvchining quyida keltirilgan shartlarga so‘zsiz roziligini (Ofertani akseptlashini) anglatadi. Oferta akseptlangan paytdan boshlab Shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
-
ATAMALAR VA TA’RIFLAR
Ushbu Ofertada qo‘llaniladigan va bosh harflar bilan belgilangan atamalar quyidagi ma’nolarni anglatadi:
- “«Beepul» To‘lov servisi” – To‘lov tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan, mutlaq huquq egasi To‘lov tashkiloti hisoblangan intellektual mulk mahsuloti bo‘lib, u hisob-kitob ishtirokchilari o‘rtasida axborot va texnologik hamkorlikni ta’minlashga mo‘ljallangan, Foydalanuvchiga onlayn rejimda Yetkazib beruvchilarning tovarlari va xizmatlari/ishlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish, o‘z Bank kartalarini boshqarish, Bank kartasi orqali onlayn rejimda pul mablag‘larini o‘tkazish, shuningdek «Beepul» To‘lov servisi funksionalida nazarda tutilgan boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi;
- «Rasmiy veb-sayt» – To‘lov tashkilotining www.beepul.uz manzilida joylashgan rasmiy sayti;
- «Foydalanuvchi» – Bank kartasi egasi bo‘lgan, «Beepul» To‘lov servisida o‘z Bank kartasini mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazgan muomalaga layoqatli jismoniy shaxs;
- «Yetkazib beruvchi» – O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq realizatsiya qilinayotgan tovarlar, bajarilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, xayriya ehsonlari va hokazolar uchun Foydalanuvchining pul mablag‘larini qabul qiluvchi yuridik shaxs, nodavlat notijorat tashkiloti (NNT), yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yurituvchi jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor), shuningdek banklar, mikromoliya tashkilotlari;
- «Identifikatsiya» – Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida «Beepul» To‘lov servisi Foydalanuvchisining shaxsini aniqlash, To‘lov tashkiloti tomonidan «Beepul» To‘lov servisi funksionali va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan dasturiy-texnik vositalardan foydalangan holda Foydalanuvchi taqdim etgan ma’lumotlarni tekshirish;
- «MyID» – Foydalanuvchiga «Beepul» To‘lov servisi xizmatlaridan ruxsat etilgan tarzda foydalanish imkonini berish maqsadida, yuzning noyob biometrik parametrlari bo‘yicha Foydalanuvchini haqqoniy identifikatsiyalash va autentifikatsiyalashni ta’minlovchi biometrik identifikatsiya tizimi;
- «Bank kartasi» – onlayn rejimda ishlovchi, O‘zbekiston Respublikasi banki tomonidan emissiya qilingan va «Beepul» To‘lov servisida ro‘yxatdan o‘tkazilgan to‘lov kartasi;
- «Shaxsiy ma’lumotlar» – muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, Foydalanuvchi tomonidan «Beepul» To‘lov servisidan foydalanish uchun taqdim etilgan ma’lumotlar;
- «Shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish» – shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, foydalanish, taqdim etish, tarqatish, uzatish, shaxssizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bitta harakatni yoki nechta harakatlar majmuini amalga oshirish;
- «Shubhali/Firibgarlik operatsiyasi» – To‘lov tashkilotining risklarni baholash ichki metodologiyasi va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida belgilanadigan, shubhali/firibgarlik faoliyatiga xos bo‘lgan belgilar va mezonlarga tushuvchi va/yoki shunday xususiyatlarga ega bo‘lgan operatsiya.
-
AKSEPTLASH TARTIBI
- Ushbu Ofertani akseptlash Foydalanuvchini «Beepul» To‘lov servisida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. «Beepul» To‘lov servisi iOS, Android platformalarida va Rasmiy veb-saytda mavjud.
- Ushbu Shartnomani tuzish orqali Foydalanuvchi To‘lov tashkilotiga, O‘zbekiston Respublikasining shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchiligi talablariga muvofiq, www.beepul.uz saytida joylashtirilgan Foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligi siyosatida bayon etilgan tartib va shartlar asosida, o‘zining shaxsiy ma’lumotlariga (shu jumladan, ammo bu bilan cheklanmagan holda: to‘lov qayd ma’lumotlari, uyali telefon raqami, Bank kartalari raqamlari, F.I.Sh., ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari, shuningdek «Beepul» To‘lov servisida mavjud xizmatlardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan har qanday boshqa shaxsiy ma’lumotlar) ishlov berishga, jumladan, ushbu Shartnomani bajarish maqsadida avtomatlashtirish vositalaridan foydalangan holda yoki bunday vositalarsiz amalga oshiriladigan yig‘ish, yozish, tizimlashtirish, to‘plash, saqlash, aniqlashtirish (yangilash, o‘zgartirish), ajratib olish, ishlatish, uchinchi shaxslarga uzatish (tarqatish, taqdim etish, kirish huquqini berish), jumladan, transchegaraviy uzatish, shaxssizlantirish, bloklash, o‘chirish, yo‘q qilishga rozilik beradi. Foydalanuvchi ushbu Shartnomani bajarish hamda uchinchi shaxslar tomonidan «Beepul» To‘lov servisi orqali Foydalanuvchiga o‘z xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida, Foydalanuvchi tomonidan To‘lov tashkilotiga ushbu Shartnoma bo‘yicha taqdim etilgan har qanday shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga uzatishga ham rozilik beradi.
-
Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish quyidagi maqsadlarda amalga
oshiriladi:
- Foydalanuvchilarga xizmatlarni tegishli tarzda ko‘rsatish va ushbu Shartnoma shartlariga rioya qilish, Xizmat ko‘rsatuvchilar bilan tuzilgan shartnomalarni tegishli tarzda ijro etish;
- Foydalanuvchini identifikatsiya qilish, Foydalanuvchiga «Beepul» To‘lov servisi xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida;
- Foydalanuvchi bilan aloqa o‘rnatish, shu jumladan «Beepul» To‘lov servisidan foydalanishga oid xabarnomalar, so‘rovlar va ma’lumotlarni yuborish;
- «Beepul» To‘lov servisi sifatini yaxshilash, qo‘shimcha xizmatlarni ishlab chiqish, marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, reklama materiallarini maqsadli yo‘naltirish (targeting);
- Shaxssizlantirilgan ma’lumotlar asosida statistik va boshqa tadqiqotlarni o‘tkazish.
- To‘lov tashkiloti Foydalanuvchiga uning shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini kafolatlaydi.
- Foydalanuvchining o‘z shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berishga bo‘lgan roziligi Foydalanuvchi tomonidan istalgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qaytarib olinishi mumkin.
- «Beepul» To‘lov servisidan foydalanishni boshlashdan oldin Foydalanuvchi ushbu Oferta matni bilan to‘liq tanishib chiqishi shart. Oferta shartlariga to‘liq yoki uning biror-bir qismiga rozi bo‘lmagan taqdirda, Foydalanuvchi «Beepul» To‘lov servisidan foydalanishdan tiyilishi lozim.
-
SHARTNOMA PREDMETI
- To‘lov tashkiloti Bank kartalari Foydalanuvchilariga «Beepul» To‘lov servisidan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
- «Beepul» To‘lov servisi Foydalanuvchilarga pullik asosda ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan servislarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday xizmatlarni faollashtirish servisning tegishli interfeysdagi tavsifi, uni ko‘rsatish shartlari, foydalanish qiymati va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan ommaviy oferta bilan tanishib chiqilgandan so‘ng, Foydalanuvchi tomonidan mustaqil ravishda, xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi. Pullik servisdan uni taqdim etish shartlari bilan tanishib chiqqandan so‘ng foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq, Foydalanuvchi tomonidan xizmat ko‘rsatish shartlarining to‘liq va so‘zsiz qabul qilinishi hisoblanadi.
- «Beepul» To‘lov servisi funksiyalaridan Foydalanuvchi faqat internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lgandagina to‘liq hajmda foydalanishi mumkin.
- Axborot xatlari va boshqa xabarnomalar Foydalanuvchiga Rasmiy veb-saytda, «Beepul» To‘lov servisi interfeyslarida e’lon qilish yoki boshqa maqbul usullar, shu jumladan SMS-xabarlar yuborish orqali yuborilishi mumkin.
-
«BEEPUL» TO‘LOV SERVISIDAN FOYDALANISH TARTIBI
-
«Beepul» To‘lov servisiga ulanish va undan keyinchalik foydalanish uchun Foydalanuvchi o‘z mobil qurilmasi
orqali tegishli interfeys yo‘riqnomalariga amal qilgan holda:
- (a) ushbu Oferta shartlariga rozilik beradi;
- (b) «Beepul» To‘lov servisini ulamoqchi bo‘lgan mobil telefon raqamini kiritadi. Bunda mobil telefon raqami faqat Foydalanuvchining o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart;
- (c) Foydalanuvchi tomonidan ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga avtomatik tarzda yuboriladigan tasdiqlash kodini kiritadi;
- (d) parol o‘rnatadi, autentifikatsiya vositasini tanlaydi, MyID servisida identifikatsiyadan o‘tadi va akkaunt sozlashlarini yakunlaydi;
- (e) Bank kartasi ma’lumotlarini kiritadi. Bank kartasini «Beepul» To‘lov servisiga bog‘lashning majburiy sharti ushbu Bank kartasining «SMS-xabarnoma» xizmatiga ulanganligi hisoblanadi.
- Bunda, To‘lov tashkiloti ushbu Bo‘lim talablaridan birortasi bajarilmagan taqdirda, Foydalanuvchini «Beepul» To‘lov servisiga ulashni rad etish huquqiga ega.
- Foydalanuvchiga Yetkazib beruvchilarning tegishli haq (mukofot puli) nazarda tutilgan tovar va xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirish imkoniyati berilganda, bunday haq Yetkazib beruvchi foydasiga to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lov summasidan tashqari, tegishli interfeysda ko‘rsatilgan miqdorlarda ushlab qolinadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 9 martdagi PQ-88-son qaroriga ilovada ko‘rsatilgan Yetkazib beruvchilarning tovar va xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha haq to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undiriladi.
- Foydalanuvchining Bank kartasida to‘lovni amalga oshirish uchun haqni hisobga olgan holda mablag‘ yetarli bo‘lmasa, ushbu to‘lov amalga oshirilmaydi.
- Yetkazib beruvchi o‘z xizmatlari sifatsiz ko‘rsatilganda yoki Yetkazib beruvchi tomonidan nazarda tutilgan boshqa hollarda to‘lovni qaytarish imkoniyatini nazarda tutgan bo‘lsa, 4.3-bandga muvofiq haq (mukofot puli) sifatida yechib olingan pul mablag‘lari qaytarilmaydi.
- Bank kartasi orqali pul mablag‘larini o‘tkazishda Foydalanuvchidan pul o‘tkazmasi amalga oshirilgan kartani emissiya qilgan bankning tegishli ofertasida nazarda tutilgan miqdorlarda, tartibda va shartlarda tegishli komissiya undiriladi. Bunday komissiya pul o‘tkazmasi summasidan tashqari, «Beepul» To‘lov servisining tegishli interfeysida ko‘rsatilgan miqdorda ushlab qolinadi.
- Bunda, Bank kartasini emissiya qilgan bank tomonidan pul o‘tkazmalarining davriyligi va/yoki summalari miqdori bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilishi mumkin bo‘lib, ularning tartibi va shartlari bankning tegishli ofertasida ko‘rsatiladi.
- Foydalanuvchining Bank kartasida bank komissiyasini hisobga olgan holda pul o‘tkazmasini amalga oshirish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmasa, bunday pul o‘tkazmasi amalga oshirilmaydi.
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan talablarga rioya qilmasdan amalga oshirilgan to‘lov va (yoki) pul o‘tkazmasi ruxsat etilmagan (sanksiyalanmagan) hisoblanadi. Qalbaki to‘lov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan to‘lovlar yoki pul o‘tkazmalari ham ruxsat etilmagan to‘lov va (yoki) pul o‘tkazmalari hisoblanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Oferta bilan belgilangan tegishli normalarga rioya qilish ruxsat etilmagan to‘lovlar va (yoki) pul o‘tkazmalaridan himoyalanish garovidir.
-
Ruxsat etilmagan to‘lovlardan himoyalanish harakatlari sifatida To‘lov tashkiloti tomonidan quyidagi
choralar nazarda tutilgan:
- Autentifikatsiya, MyID servisida identifikatsiyadan o‘tish va maxsus apparat ta’minoti yordamida kirish;
- Har bir operatsiyani, shuningdek yangi Foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazishda SMS-tasdiqlash mexanizmi ishlab chiqilgan.
-
To‘lov tashkiloti «Beepul» To‘lov servisida Foydalanuvchilarning operatsiyalarini Shubhali/Firibgarlik
alomatlariga ega bo‘lgan yoki ularga tushuvchi, va/yoki belgilangan qoidalarni, limitlarni yoki
O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni
moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tishga qaratilgan
operatsiyalarni aniqlash maqsadida monitoring qilib boradi. Bunday operatsiyalar sirasiga quyidagilar
kirishi mumkin:
- Foydalanuvchi tomonidan aniq iqtisodiy maqsadsiz bir xil ishtirokchilar o‘rtasida soxta, asossiz yoki takrorlanuvchi To‘lovlarni amalga oshirish;
- Bitta Foydalanuvchi tomonidan bir nechta qayd yozuvlarini (akkauntlarni) ro‘yxatdan o‘tkazish yoki limitlar yoxud komissiyalarni chetlab o‘tish uchun o‘zgalar ma’lumotlaridan foydalanish;
- Foydalanuvchiga tegishli bo‘lmagan Bank kartalarini qonuniy asoslarsiz qo‘shish va ulardan foydalanish;
- Foydalanuvchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tish, identifikatsiya yoki operatsiyalarni amalga oshirishda qalbaki yoki noto‘g‘ri ma’lumotlardan foydalanish;
- Foydalanuvchining qayd yozuviga, tasdiqlash kodiga yoki to‘lov vositalari ma’lumotlariga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan urinishlari;
- Foydalanuvchi tomonidan uchinchi shaxslar nomidan ishonchnomasiz yoki boshqa qonuniy asoslarsiz operatsiyalarni amalga oshirishi;
- «Beepul» To‘lov servisidan mablag‘larni naqdlashtirish, taqiqlangan qimor o‘yinlari, noqonuniy savdo, huquqbuzarlik harakatlarini moliyalashtirish yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlangan boshqa faoliyat uchun foydalanish;
- Foydalanuvchi tomonidan To‘lov tashkilotining dasturiy ta’minotiga, API-ga, «Beepul» To‘lov servisining texnik vositalariga har qanday aralashuvi, jumladan, xavfsizlik tizimlarini chetlab o‘tish yoki operatsiyalarni imitatsiya qilish.
-
«Beepul» To‘lov servisiga ulanish va undan keyinchalik foydalanish uchun Foydalanuvchi o‘z mobil qurilmasi
orqali tegishli interfeys yo‘riqnomalariga amal qilgan holda:
-
TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
-
Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, To‘lov tashkiloti quyidagilarga majbur:
- «Beepul» To‘lov servisining uzluksiz ishlashini ta’minlash, «Beepul» To‘lov servisi ishidagi uzilishlar uchinchi shaxslarning aybi bilan sodir bo‘lgan hollar bundan mustasno;
- shaxsiy ma’lumotlarning yaxlitligi va saqlanishini, shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini, shaxsiy ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berilishining oldini olishni ta’minlaydigan shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rish;
- Foydalanuvchini To‘lov tashkilotining, To‘lov tashkiloti sheriklarining (Foydalanuvchilar uchun «Beepul» To‘lov servisida to‘lovlari mavjud bo‘lgan tovarlar va xizmatlar/ishlar yetkazib beruvchilari sifatida ishtirok etuvchi) yangiliklaridan, shuningdek «Beepul» To‘lov servisiga kiritilayotgan o‘zgartirish va yangilanishlardan o‘z vaqtida xabardor qilish;
- To‘lov tashkilotining Qo‘llab-quvvatlash xizmati va To‘lov tashkiloti uchun mavjud bo‘lgan boshqa usullar orqali Foydalanuvchilarga axborot jihatidan ko‘maklashish;
- ushbu Shartnomaga kiritilgan o‘zgartirishlar yoki boshqa muhim voqealar va yangiliklar, jumladan, «Beepul» To‘lov servisiga ulangan yangi yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek «Beepul» To‘lov servisiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni «Beepul» To‘lov servisining tegishli interfeyslarida va Rasmiy veb-saytda e’lon qilish;
- firibgarlikning aniqlangan alomatlari to‘g‘risida Foydalanuvchini xabardor qilishni ta’minlash, bu holda bunday xabarnomaning yuborilishi Foydalanuvchini tegishli tartibda xabardor qilish hisoblanadi.firibgarlikning aniqlangan alomatlari to‘g‘risida Foydalanuvchini xabardor qilishni ta’minlash, bu holda bunday xabarnomaning yuborilishi Foydalanuvchini tegishli tartibda xabardor qilish hisoblanadi.
-
Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, To‘lov tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Foydalanuvchidan uni identifikatsiya qilish va Foydalanuvchi hamda u tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tegishli tartibda tekshirish qismida ma’lumotlar olish;
- Foydalanuvchidan operatsiyani o‘tkazishda foydalaniladigan pul mablag‘larining manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni talab qilish;
- agar bunday harakat va/yoki harakatsizlik To‘lov tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va/yoki ushbu Shartnomaning buzilishiga olib kelsa, Foydalanuvchiga «Beepul» To‘lov servisi doirasida operatsiyani amalga oshirishni rad etish;
-
Foydalanuvchi tomonidan ushbu Shartnoma shartlari va/yoki O‘zbekiston Respublikasining amaldagi
qonunchiligi talablari buzilgan hollarda va/yoki Foydalanuvchi biror-bir tarzda Shubhali/Firibgarlik
operatsiyalariga va/yoki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni
moliyalashtirish bo‘yicha operatsiyalarga jalb qilingan deb gumon qilingan taqdirda, shuningdek,
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda, To‘lov tashkiloti bir
tomonlama tartibda quyidagilarga haqli:
- Foydalanuvchining istalgan ma’lum manziliga tegishli xabarnoma yuborish va/yoki elektron xat va/yoki push-xabarnoma, SMS-xabar yuborish orqali, holatlarga oydinlik kiritilgunga va tekshiruv yakunlangunga qadar «Beepul» To‘lov servisida operatsiyalarni va Foydalanuvchini vaqtinchalik bloklash.
- Foydalanuvchining istalgan ma’lum manziliga va/yoki «Beepul» To‘lov servisining tegishli interfeysiga tegishli xabarnoma yuborish orqali Shartnomani istalgan vaqtda bekor qilish.
- ushbu Shartnomani ijro etish maqsadida u bo‘yicha huquq va majburiyatlarni Foydalanuvchi bilan kelishmagan holda uchinchi shaxslarga o‘tkazish;
- ushbu Ofertaga bir tomonlama tartibda o‘zgartirishlar kiritish, bu haqda Foydalanuvchini mazkur o‘zgartirishlarni Rasmiy veb-saytda, axborot xabarlarida, «Beepul» To‘lov servisi interfeysida e’lon qilish yoki SMS-xabar orqali xabardor qilish;
- To‘lov tashkilotining ayrim xizmatlarini uchinchi shaxslar bilan sheriklikda taqdim etish. Bunday hollarda xizmat ko‘rsatishning ushbu uchinchi shaxslar tomonidan belgilangan shartlari qo‘llaniladi.
-
To‘lov tashkiloti Foydalanuvchiga Yetkazib beruvchilarning banklar-emitentlar tomonidan chiqarilgan
bank kartalarini Foydalanuvchilarga taqdim etish, banklar tomonidan Foydalanuvchilarga onlayn
mikroqarzlar berish va/yoki ularni so‘ndirish bo‘yicha xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, Yetkazib
beruvchilarning tovar va xizmatlarini muddatli to‘lov asosida sotib olish imkoniyatini taqdim etish
huquqiga ega. Bunda ushbu xizmatlar bevosita Yetkazib beruvchilar tomonidan, ushbu Yetkazib
beruvchilar tomonidan mustaqil ravishda belgilangan xizmat ko‘rsatish shartlarini qo‘llagan holda
ko‘rsatiladi. Bu holda:
- To‘lov tashkiloti Foydalanuvchilarga Yetkazib beruvchilarning xizmatlarini ko‘rsatmaydi va bunday xizmatlar bo‘yicha huquq va majburiyatlar bevosita Yetkazib beruvchilarda yuzaga keladi. To‘lov tashkiloti Yetkazib beruvchilarning harakatlari uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi.
- Yetkazib beruvchilar tomonidan Foydalanuvchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha foiz stavkalari va Yetkazib beruvchilarning haqi (mukofot puli) miqdori faqat Yetkazib beruvchilarning o‘zlari tomonidan tegishli interfeyslarda ko‘rsatilgan miqdorlarda belgilanadi.
- Yetkazib beruvchilar o‘z xizmatlarining sifati va o‘z vaqtida ko‘rsatilishi hamda Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya etilishi uchun javobgardirlar.
-
Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, Foydalanuvchi quyidagilarga majbur:
- ushbu Oferta talablarini bajarish;
- To‘lov tashkilotiga Foydalanuvchi bilan bog‘lanish uchun zarur bo‘lgan amaldagi aloqa ma’lumotlarini taqdim etish va aloqa ma’lumotlari o‘zgarganligi to‘g‘risida To‘lov tashkilotini ular o‘zgargan kundan boshlab 3 (uch) kun ichida xabardor qilish;
- «Beepul» To‘lov servisiga kirish amalga oshiriladigan qurilmaning axborot xavfsizligini mustaqil ravishda ta’minlash;
- ushbu Shartnomaning 4.12-bandida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshirmaslik va «Beepul» To‘lov servisidan har qanday firibgarlik hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid bo‘lgan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
- To‘lov tashkiloti tomonidan «Beepul» To‘lov servisida yoki SMS-xabarlar va push-xabarnomalar orqali yuboriladigan xabarnomalar bilan diqqat bilan tanishib chiqish;
- Shartnoma bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini To‘lov tashkilotining oldindan berilgan yozma roziligisiz uchinchi shaxslarga o‘tkazmaslik;
- uchinchi shaxslar tomonidan «Beepul» To‘lov servisiga kirish rekvizitlaridan noqonuniy foydalanish faktlari yoki shubhalar to‘g‘risida yoxud «Beepul» To‘lov servisi ulangan mobil qurilma boshqaruvi uchinchi shaxslar nazoratiga o‘tganligi, jumladan, mobil qurilma yoki «Beepul» To‘lov servisi ulangan mobil telefon raqamiga kirish huquqi yo‘qolganda (yo‘qotish, o‘g‘irlanish yoki boshqacha tarzda yo‘qotish), aniqlangan paytdan boshlab darhol, lekin 1 (bir) kundan kechiktirmay To‘lov tashkilotini xabardor qilish;uchinchi shaxslar tomonidan «Beepul» To‘lov servisiga kirish rekvizitlaridan noqonuniy foydalanish faktlari yoki shubhalar to‘g‘risida yoxud «Beepul» To‘lov servisi ulangan mobil qurilma boshqaruvi uchinchi shaxslar nazoratiga o‘tganligi, jumladan, mobil qurilma yoki «Beepul» To‘lov servisi ulangan mobil telefon raqamiga kirish huquqi yo‘qolganda (yo‘qotish, o‘g‘irlanish yoki boshqacha tarzda yo‘qotish), aniqlangan paytdan boshlab darhol, lekin 1 (bir) kundan kechiktirmay To‘lov tashkilotini xabardor qilish;
- «Beepul» To‘lov servisida Foydalanuvchining roziligisiz amalga oshirilgan operatsiya fakti aniqlangan paytdan boshlab darhol, lekin 1 (bir) kundan kechiktirmay To‘lov tashkilotini xabardor qilish;«Beepul» To‘lov servisida Foydalanuvchining roziligisiz amalga oshirilgan operatsiya fakti aniqlangan paytdan boshlab darhol, lekin 1 (bir) kundan kechiktirmay To‘lov tashkilotini xabardor qilish;
- To‘lov tashkilotidan xabarnomalar, jumladan, tasdiqlash kodlari va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan xabarnomalarni olgandan so‘ng, operatsiyalarni tasdiqlashda yuqori darajada ehtiyotkorlik ko‘rsatish va bunday ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmaslik;To‘lov tashkilotidan xabarnomalar, jumladan, tasdiqlash kodlari va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan xabarnomalarni olgandan so‘ng, operatsiyalarni tasdiqlashda yuqori darajada ehtiyotkorlik ko‘rsatish va bunday ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmaslik;
- To‘lov tashkilotining so‘roviga ko‘ra, operatsiya shaxsan o‘zi tomonidan yoki uning topshirig‘iga binoan yoxud uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan amalga oshirilganligi to‘g‘risida haqqoniy ma’lumotlarni taqdim etish, shuningdek, Foydalanuvchi ixtiyorida mavjud bo‘lgan firibgarlik alomatlari va faktlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish.
-
Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
- «Beepul» To‘lov servisidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish;
- «Beepul» To‘lov servisining ishlashi va undan foydalanish qoidalari masalalari bo‘yicha maslahat, texnik ko‘mak va boshqa yordam olish uchun To‘lov tashkilotining Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish.
-
Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, To‘lov tashkiloti quyidagilarga majbur:
-
TARAFLARNING JAVOBGARLIGI
- Taraflar ushbu Shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va ushbu Ofertaga muvofiq javobgardirlar.
- To‘lov tashkiloti Foydalanuvchi oldida faqat To‘lov tashkilotining aybi bilan Foydalanuvchining farmoyishi asosida xizmat ko‘rsatish muddatlari buzilganligi uchun, ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, Foydalanuvchining yozma talabi olingan taqdirda, kechiktirilgan har bir kun uchun muddati o‘tgan to‘lov summasining 0,1 (nol butun o‘ndan bir) foizi miqdorida, ammo muddati o‘tgan to‘lov summasining 10 foizidan (o‘n foizidan) ortiq bo‘lmagan miqdorda penya ko‘rinishida javobgarlikka tortiladi.
- Foydalanuvchi ushbu Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi natijasida o‘zida yuzaga keladigan har qanday zararlar yoki boshqa salbiy oqibatlar uchun javobgardir.
- Foydalanuvchi himoyalanmagan ulanishlardan foydalanadigan yoki zararli dasturlar va ilovalar tahdidi ostida bo‘lgan qurilmada shaxsiy ma’lumotlarini kiritishda ularning saqlanishi uchun to‘liq javobgardir.
- To‘lov tashkiloti, agar Shartnoma shartlarining bajarilmasligi Foydalanuvchi tomonidan Shartnoma shartlarining bajarilmasligi oqibati bo‘lsa, Shartnoma shartlarini lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi.
- To‘lov tashkiloti Foydalanuvchi ushbu Oferta shartlari bilan, shuningdek «Beepul» To‘lov servisida pullik xizmatlarni faollashtirishda ularning ofertalari bilan tanishmaganligi va (yoki) o‘z vaqtida tanishmaganligi sababli Foydalanuvchida yuzaga kelgan har qanday zararlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
- To‘lov tashkiloti, agar Shartnoma shartlarini lozim darajada bajarmaslik To‘lov tashkilotining nazorat doirasidan tashqarida bo‘lgan sabablar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, javobgarlikka tortilmaydi. To‘lov tashkilotining nazorat doirasi faqat «Beepul» To‘lov servisini o‘zining ishlash qobiliyati bilan cheklanadi va uchinchi shaxslarning aybi bilan yoki O‘zbekiston Respublikasi davlat yoki sud hokimiyati organlari tomonidan o‘rnatilgan taqiqlar va cheklovlar natijasida yuzaga kelgan nosozliklar uchun javobgarlikni o‘z ichiga olmaydi.
- «Beepul» To‘lov servisining butun axborot oqimi, jumladan, barcha kontent, dasturiy ta’minot, funksional, mavjud bo‘lgan materiallar va ma’lumotlar, so‘rov munosabati bilan taqdim etiladigan yoki «Beepul» To‘lov servisi orqali mavjud bo‘lgan ma’lumotlar «qanday bo‘lsa, shunday» (as is), ya’ni o‘zgarishsiz ko‘rinishda, har qanday istisnolar va qo‘shimchalarsiz taqdim etiladi.
- To‘lov tashkiloti «Beepul» To‘lov servisida mavjud bo‘lgan xizmatlar yoki kontent, materiallar, ma’lumotlar va funksional bo‘yicha yoki «Beepul» To‘lov servisidan ushbu Shartnomada nazarda tutilmagan usullarda foydalanish holatlarida «Beepul» To‘lov servisi orqali maxfiy ma’lumotlarni uzatish bilan bog‘liq har qanday xavfsizlik buzilishi bo‘yicha hech qanday bayonotlar bermaydi yoki kafolatlar taqdim etmaydi.
- To‘lov tashkiloti uchinchi shaxslar tomonidan «Beepul» To‘lov servisidan ruxsatsiz foydalanish natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun javobgar bo‘lmaydi va ularni qoplamaydi.
- To‘lov tashkiloti Foydalanuvchi tomonidan «Beepul» To‘lov servisi orqali Yetkazib beruvchidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olinishi bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek «Beepul» To‘lov servisi orqali sotib olingan, qo‘lga kiritilgan yoki haqi to‘langan har qanday tovarlar (ishlar, xizmatlar, ma’lumotlar, kontent) uchun har qanday vaziyatda Foydalanuvchi yoki biror-bir uchinchi taraf oldida har qanday zararlar va yo‘qotishlar, jumladan, foydani boy berish, reputatsiyaga putur yetishi yoki ko‘rilishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday yo‘qotishlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
- Har bir Taraf, ikkinchi Taraf ushbu Shartnomada belgilangan javobgarlik cheklovlarini tan olgan holda Shartnomani tuzishini, ushbu cheklovlar Taraflar o‘rtasidagi kelishuvlarning zarur asosi hisoblanishini, bunda Taraflardan hech biri majburiyatlarni bajarmaganlik yoki kechiktirganlik uchun, basharti bu holatlar Tarafning oqilona nazoratidan tashqarida bo‘lgan har qanday sharoitlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining faoliyati yoki terrorchilik harakatlari, yer qimirlashi, yong‘inlar, suv toshqinlari yoki boshqa tabiiy ofatlar, mehnat sharoitlari bilan bog‘liq vaziyatlar, elektr ta’minotidagi uzilishlar va Internet-ulanishning buzilishi kabi holatlar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa (lekin ushbu holatlar bilan cheklanib qolmaydi), javobgar bo‘lmasligini tan oladi.
- Foydalanuvchi «Beepul» To‘lov servisidagi shaxsiy akkauntiga uchinchi shaxslarning kirishini ta’minlash bilan bog‘liq har qanday ma’lumotlarni, shu jumladan amalga oshiriladigan operatsiyalarni tasdiqlovchi kodlarni, mobil qurilmani, mobil telefon raqamini, bank kartalarining raqamlari va amal qilish muddatini berishda barcha javobgarlikni zimmasiga oladi.
-
SHARTNOMANING AMAL QILISH MUDDATI VA UNI BEKOR QILISH TARTIBI
- Shartnoma Foydalanuvchi tomonidan Oferta akseptlangan paytdan boshlab kuchga kiradi va taraflar Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajargunga qadar amal qiladi.
- Foydalanuvchi istalgan vaqtda «Beepul» To‘lov servisidagi akkauntini o‘chirib tashlash orqali Shartnomani ijro etishdan voz kechish huquqiga ega.
- Shartnoma akkaunt o‘chirilgandan so‘ng darhol bekor qilingan hisoblanadi. Ushbu Shartnomaning bekor qilinishi Foydalanuvchi tomonidan Yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan Shartnomalarning, «Beepul» To‘lov servisi doirasidagi pullik xizmatlar bo‘yicha Shartnomalarning (bunday xizmatlar faollashtirilgan bo‘lsa) majburiyatlari tugatilishini va bekor qilinishini anglatmaydi.
- Shartnoma To‘lov tashkiloti tomonidan ushbu Shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq bir tomonlama tartibda bekor qilinishi mumkin.
- Foydalanuvchi Shartnomaning 10-bo‘limida ko‘rsatilgan manzilga elektron xat yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berishga bo‘lgan roziligini qaytarib olish huquqiga ega.
-
KELISHMOVCHILIKLARNI KO‘RIB CHIQISH TARTIBI
- Ushbu Shartnoma doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha nizolar muzokaralar yo‘li bilan yoki Foydalanuvchilarning murojaatlari asosida da’vo taqdim etish tartibida hal qilinishi lozim.
- Foydalanuvchilarning da’vo talablari ushbu Shartnomaning 10-bo‘limida ko‘rsatilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish orqali va/yoki To‘lov tashkilotining yuridik manziliga yozma shaklda va/yoki info@beelab.uz elektron pochtasiga elektron yozma shaklda qabul qilinadi. Foydalanuvchining ixtiyoriga ko‘ra da’vo talablari davlat tilida yoki rus tilida berilishi mumkin.
- Da’vo talabini ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha hujjatlar va materiallarni o‘rganish talab etilmasa, Foydalanuvchilarning da’vo talablariga yozma javoblar da’vo talabi olingan kundan boshlab 15 (o‘n besh) kun ichida va/yoki da’vo talabini ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish yoxud qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish zarur bo‘lgan taqdirda Foydalanuvchini yozma ravishda xabardor qilgan holda 1 (bir) oy ichida berilishi kerak.
- Agar yuzaga kelgan nizo muzokaralar yoki da’vo talablari tartibida hal etilmasa, u O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda javobgar joylashgan yerdagi tegishli sudda ko‘rib chiqilishi lozim.
-
BOSHQA SHARTLAR
- Shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan barcha holatlarda taraflar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va ish muomalasi odatlariga amal qiladilar.
-
TO‘LOV TASHKILOTINING REKVIZITLARI
Manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, 100047, Mirobod tumani, Buxoro ko‘chasi, 1-uy
Bank nomi: «O‘zmilliybank» AJ TIF Sebzor amaliyot MXK
H/r: 2020 8000 5008 4870 2001
MFO: 00450
STIR: 305325864
Tel: +998 90 373-33-30; +998 90 822-09-99
E-mail: info@beelab.uz
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yil 8-iyundagi 46-sonli litsenziyasi.